Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi «Boburtepa» arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Devoriy suratda gullar tasvirlangan
Tadqiqotlar davomida inshoot xonalaridan birining g‘arbiy devorida gil suvoq ustiga ishlangan lola va oq gullar tasviri aniqlangan. Gullar qizil rangdagi ingichka to‘lqinsimon chiziqlar bilan uyg‘unlashtirilgan.
Keyinchalik devoriy surat oq ohakli suvoq qatlami bilan qoplangan.
Inshoot ibodatxona bo‘lgan bo‘lishi mumkin
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, binoning mahobatli va qalin devorlari hamda unda saqlanib qolgan bezaklar inshoot milodiy IV–V asrlarda ibodatxona sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.